Dunyoda global muammoga aylanib borayotgan aholi qarishini oldini olishda O‘zbekiston o‘z xissasini qo‘shishi mumkin
19авг

Hozirgi kunda aholining qarish jarayoni global muammoga aylanib, dunyo mamlakatlarini tobora ko'proq qamrab olmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, iqtisodiyotning ko‘plab sohalarida mutaxassislar yetishmasligini keltirib chiqarmoqda. Bunday jarayonda mehnatga layoqatli aholisi ko'p bo'lgan mamlakatlar rivojlangan mamlakatlar iqtisodiyotini yuqori malakali kadrlar bilan ta'minlash uchun katta imkoniyatlarga ega. Malakali kadrlarni eksport qiluvchi davlatlar chet elga mehnat migratsiyasini amalga oshirishda o’z manfaatlarini ilgari surish uchun qator imkoniyatlarga ega bo’ladi.

BMT prognozlariga ko'ra, 2035 yilga borib sayyoramiz aholisining 13% 65 va undan katta yoshdagilarni tashkil qilishi kutilmoqda - bu 1,1 milliard kishi degani. Shunisi e'tiborga loyiqki, 1980 yildan 2010 yilgacha dunyoda keksa yoshdagi aholining ulushi deyarli o'zgarmagan va 25 yoshdan 64 yoshgacha bo'lgan 100 kishiga 65 va undan yuqori yoshdagi 16 kishi to’gri kelgan. 2035 yilga kelib, BMT prognozlariga ko'ra, bu ko'rsatkich 26 kishiga ko'tariladi. Shu bilan birga, rivojlangan davlatlarda aholi qarishining yuqori ko’rsatkichlari kuzatiladi.

Aholining qarishi bo‘yicha Yaponiya yetakchilik qilmoqda – 2035-yilga borib, mehnatga layoqatli yoshdagi har 100 kishiga 69 kishi, Germaniyada – 66 kishi to‘g‘ri kelishi kutilmoqda. AQShda tug'ilishning nisbatan yuqori bo'lishiga qaramay, har 100 ta mehnatga layoqatli kishiga 44 ta qariyalar to’gri kelishi kutilmoqda. Bu tendentsiya rivojlanayotgan mamlakatlarda ham tobora sezilmoqda. Xitoyda har 100 ta mehnatga layoqatli aholiga 15 ta qariya to’gri kelgan bo’lsa 2035 yilga kelib 36 taga yetishi kutilmoqda, Lotin Amerikasida 14 dan 27 taga oshadi.

Aholining qarishi kadrlar yetishmasligiga olib keladi. Kadrlarning eng katta taqchilligi ijtimoiy sohada qayd etilgan. Yaponiya Sog'liqni saqlash, mehnat va farovonlik vazirligi ma'lumotlariga ko'ra, 2025 yilga borib bu sohada 2,5 million bo'sh ish o'rinlari bo'lishi kutilmoqda, parvarishga muhtoj keksalar soni 7 millionga yetadi.

Kelgusi yillarda Germaniya aholisining tez qarishi iqtisodiyotning bir qator tarmoqlarida malakali kadrlar yetishmasligini yanada kuchaytirishi mumkin. Shvetsiya qurilish va mashinasozlik kabi sohalarda ishchi kuchi tanqisligiga duch kelmoqda. Ko'pgina kompaniyalar uchun bu tanqislik rentabellik va raqobatbardoshlikning pasayishiga olib keladi. Chexiya, Vengriya, Latviya, Litva, Polsha va Ruminiyadagi ish beruvchilar malakali kadrlar yetishmasligini ishlab chiqarish va qurilishda biznes rivojlanishiga asosiy to‘siq sifatida ko‘rsatmoqda. AQSHda 2030 yilga kelib, urushdan keyingi demografik yuqori o’sish davrida tug'ilgan aholi nafaqaga chiqa boshlaganda, muayyan ko'nikmalarni talab qiladigan bir qator kasblarda kadrlarning yetishmasligi kuzatilishi kutilmoqda.

Rivojlangan mamlakatlarda keksa odamlar soni ortib borayotganligi sababli kasalxonalar va uzoq muddatli parvarishli tibbiy muassasalarda ishlash uchun mutaxassislarga talab ham ortib bormoqda. JSST ma'lumotlariga ko'ra, bugungi kunda dunyoda 60 millionga yaqin tibbiyot xodimlari: shifokorlar, hamshiralar, akusherlar, farmatsevtlar va laborantlar ishlaydi. Biroq, ularning kamomadi taxminan 7,2 million kishini tashkil etadi va kelajakda bu muammo yanada yomonlashadi. JSST prognozlariga ko’ra 2035 yilga kelib dunyoda 12,9 million tibbiyot xodimi yetishmasligi kutilmoqda. Agar hozirdan chora ko‘rilmasa, ularning tanqisligi milliardlab odamlar salomatligi uchun jiddiy oqibatlarga olib keladi.

PMTI ekspertlarining hisob-kitoblariga ko’ra, qariyalar ulushi yuqori bo'lgan mamlakatlarga immigrantlar oqimi aholining yosharishiga hissa qo'shishi mumkin. Masalan, immigrantlar sonining 1% ga oshishi qariyalarning qaramlik yukini 2,4 foizga kamaytirishga va aholi jon boshiga YaIMni 4,6 %ga oshirishi mumkin.

Shunday qilib, keksalar soni ko'p bo'lgan mamlakatlarga immigrantlar oqimi mehnat bozorida mutaxassislar yetishmasligi muammosini hal qilishi, aholini yoshartirishi va iqtisodiyotni rivojlanishiga turtki bo’lishi mumkin.

Dunyo aholisining qarishi va shu tufayli kadrlar yetishmovchiligi keskin kuzatilayotgan bir paytda O‘zbekiston aholisi jadal sur’atlar bilan o‘sib bormoqda. Har yili respublika aholisi oʻrtacha 600 ming kishiga koʻpaymoqda. O‘zbekistonning o‘ziga xos demografik xususiyati mehnatga layoqatli aholining yuqori ulushi (va shunga mos ravishda soni)dir. Har yili mehnat bozoriga o’rtacha 500-600 mingga yaqin yoshlar kirib keladi. Mamlakatda har yili 1,5 milliondan ortiq kishi ish bilan ta'minlanishi kerak, ularning yarmini 16 yoshdan 30 yoshgacha bo'lgan yoshlar tashkil etadi. Ishchi kuchi taklifi talabdan 1,2 baravar yuqori.

Keksalarning mehnatga layoqatli aholiga demografik yuki 2020 yilda O‘zbekistonda 7,2 kishini tashkil etdi, dunyoda bu ko‘rsatkich mehnatga layoqatli aholining 100 nafariga 14 kishini tashkil etadi (1-rasm).

1-rasm

Manba: https://population.un.org/wpp

BMT prognozlariga ko‘ra, 2035-yilga borib O‘zbekistonda keksalarning mehnatga layoqatli aholiga tushadigan demografik yuki 12,5 kishini tashkil etadi, jahon miqyosida esa bu ko‘rsatkich 20,2 kishiga yetadi. Hatto kutilayotgan prognozlarda ham ko‘rinib turibdiki, O‘zbekistonda qariyalarning qaramlik darajasi jahondagi o‘rtacha ko’rsatkichlardan past bo‘lishi kutilmoqda. Shu bois O‘zbekiston kelajakda jahon mehnat bozorini malakali kadrlar bilan ta’minlash uchun ulkan salohiyatga ega va bu o‘z navbatida mamlakatda ishsizlik darajasini pasaytirishi, aholi turmush darajasini oshirishga xizmat qiladi. Ushbu maqsadlar uchun quyidagilar taklif etiladi:

Rivojlangan mamlakatlar bilan (aholining qarishi kuzatiladigan) yuqori malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha, keyinchalik buyurtmachi mamlakatlarida ishga joylashish uchun uzoq muddatli shartnomalar tuzish.

Respublikada xorijiy kollejlar (tibbiyot, texnika va boshqalar) ochish va ularda xorijiy hamkorlar buyurtmalariga asoslanib yosh kadrlarni o’qitish, bitiruvchilarni xorijda ishga joylashtirishni ta’minlash. Shu bilan birga, mutaxassislarni oila a’zolari bilan xorijda ishga joylashtirish masalalarini hal qilish maqsadga muvofiq. Bunda oila a‘zolarining xorijda ma’lumot olish, va ishga joylashtirishn imkoniyatlarini ham oldindan ko‘rib chiqish zarur.

Chet tillarini umumta’lim maktablaridan boshlab sifatli o‘rgatish. Chet tillarini o‘rganish bo‘yicha o‘quv dasturlarida ilg‘or xorijiy tajribani qo‘llash. Chet tili o‘qituvchilarining IELTS va boshqa tegishli testlarni yuqori natijalar bilan topshirishlari uchun talablarni belgilash orqali ularning sifatini oshirish. Chunki chet tillarini bilmaslik O‘zbekistondan kelgan mehnat muhojirlari uchun katta imkoniyatlarni yopadi.

Dunyoning yetakchi universitetlari bilan doimiy hamkorlikni tashkil etish va qo‘llab-quvvatlash. Xorijiy professor-o'qituvchilarni mahalliy universitetlarga jalb qilish. Xalqaro talabalar almashinuvini tashkil etish.

Shunday qilib, kadrlar tayyorlash sifatini yaxshilash O‘zbekistondan malakali kadrlar eksport qilishni tashkil etishga yordam beradi va bu orqali aholining qarish muammosini hal etishga xizmat qiladi.