Hududlarda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini baholash
27дек

Butunjahon Meteorologiya tashkilotining global suv resurslarining holatiga oid hisobotida ma’lum qilinishicha, 2050-yilga borib, yer yuzida istiqomat qiluvchi besh milliarddan ortiq kishi turli darajada suv tanqisligini boshdan kechiradi[1].

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, hozir dunyo bo‘yicha 2 milliarddan ortiq kishi toza ichimlik suvi ta’minotiga ega emas. 2021-yilda dunyonining ko‘plab hududlarida 30 yillik gidrologik oraliq mobaynidagi o‘rtachadan ko‘ra kuchliroq qurg‘oqchilik bo‘lgani kuzatildi. Shuningdek, 3,6 milliard odam yil davomida kamida bir oy suvdan yetarli darajada foydalana olmaslik muammosiga duch kelmoqda[2].

Jahon tabiiy resurslar instituti (World Resources Institute) va Britaniyaning Economist Intelligence Unit tashkiloti tadqiqotlariga ko‘ra, 2040-yilga borib, suv tanqisligiga eng ko‘p uchrashi taxmin qilinayotgan 33 ta davlat orasida Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan O‘zbekiston ham bor[3].

Ushbu holat har bir hududda suv resusrlaridan tejamli va samarali foydalanish zarurligini anglatadi. Xo‘sh, bu borada O‘zbekistonning qaysi hududlari yaxshi natijalarga ega?

PMTI ekspertlari respublika hududlarida suvdan foydalanish samaradorligini baholadi.

Iqtisodiyot tarmoqlarida foydalaniladigan suv resurslarining ko‘p yillik o‘rtacha hajmi 51 mlrd. m kub ni tashkil etadi. Buning 21,5% i O‘zbekiston hududlarida, 78,5% i qo‘shni davlatlar hududida shakllanadigan suv resurslaridir. Jumladan, Amudaryo va Sirdaryodan
31,6 mlrd. kub metr (61%), ichki kichik daryo va soylardan 17,2 mlrd. kub metr (35%), yerosti suv zaxiralaridan 0,5 mlrd. kub metr (1%) hamda kollektor va drenaj tizimlaridan 1,7 mlrd. kub metr (3%) suv olinadi va ular asosiy suv resurslarini tashkil qiladi.

Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, O‘zbekistonda yaqin kelajakda suv tanqisligi 7 mlrd. kub metr, 2050 yillarga borib, 12-13 mlrd. kub metr bo‘lishi kutilayotganini inobatga olsak, bu holatda suvni tejashning ahamiyati yanada ortadi.

Shu sababli tadqiqot jarayonida qaysi viloyat suv resurslaridan samarali foydalanmoqda, degan savolga javob izlandi. Bunda o‘rtacha
1 gektar yerni sug‘orish uchun sarflangan suv miqdori, o‘rtacha 1 kub metr suv hisobiga yetishtirilgan mahsulot, hududlarda suv tejamkor texnogiyalar qo‘llanilgan maydonlar qamrovi kabi samaradorlikni aks ettiruvchi ko‘rsatkichlar o‘zaro indeksli uslubiyot asosida tahlili qilinib, hududlarda suvdan foydalanish samaradorligi (SSI) indeksi hisoblab chiqildi.

So‘nggi yillarda suvdan tejab foydalanish borasida olib borilgan islohotlar natijasida suvni tejovchi texnologiyalar (STT) qo‘llanilgan maydonlar Navoiy (28%), Andijon (23,6%), Jizzax (21,9%) viloyatlarida kengayib bormoqda. 2021-yilda Buxoro (16,1%) va Xorazm (23,1%) viloyatlarida qamrov darajasi avvalgi yildagiga qaraganda 2,3-4,3 marotaba ortgan.

Hududlarda suvdan foydalanish samaradorligi integral indeksi (SSI) ning 2018-2021 yillardagi natijalari bo‘yicha reyting guruhlash amalga oshirildi.

I guruh. Andijon (0,816) va Samarqand (0,780) viloyatlari suvdan foydalanishda yuqori samaradorlikka erishgan.

II guruh. Suvdan foydalanish samaradorligi o‘rtacha bo‘lgan guruhda hududlar orasida Toshkent (0,701) 2020-yilda I guruhdan o‘rin olgan edi. Buni viloyatda 2021-yilda sug‘orishda avvalgi yildagiga  nisbatan ko‘p suv sarflangani bilan izohlash mumkin.

Jizzax viloyatida (0,650) suvni tejaydigan texnologiyalar qo‘llanilgan maydonlar ortib borayotganligi hisobiga barqaror o‘sishga erishilgan. Shuningdek, Navoiy (0,630) va Namangan viloyatlarida (0,610) SSI indeksi oldingi yillardagiga nisbatan yuqorilagan. Farg‘ona viloyatida (0,605) SSI indeksi o‘zgarishsiz qolgan.

III guruh. Qashqadaryo (0,462), Xorazm (0,455), Surxondaryo (0,430), viloyatlari suvdan foydalanish samaradorligi nisbatan past guruhidan joy olgan bo‘lsada, SSI indeksi avvalgiyildagiga nisbatan ko‘tarilgan.

Shuningdek, YaIM ning suv sig‘imkorligi ko‘rsatkichi yordamida respublikaning suv resurslaridan foydalanish samaradorligini xorijiy mamlakatlar bilan taqqoslash mumkin. YaIM ning suv sig‘imkorligi – bu ma’lum birlik yalpi ichki mahsulotni yaratish uchun sarflangan suv resurslari miqdorini anglatadi.

Hisob-kitoblar O‘zbekistonda YaIMning har 1000 AQSh dollari qiymatidagi suv sig‘imkorligi Xitoydagi shu ko‘rsatkichdan 6,6 marotaba, AQSh dagidan 9,4 marotaba, Rossiyadagidan 11,6 marotaba, Yaponiyadagidan 13,2 marotaba va Germaniyadagidan 24,8 marotaba yuqori ekanligini ko‘rsatmoqda. Bu esa o‘z navbatida, respublikamizda suv resurslaridan foydalanish samaradorligi ancha past ekanligini hamda hududlarda yaratilgan mahsulot va tovarlar hajmiga qaraganda ko‘proq suv sarflanishini anlatadi.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, suvdan foydalanish samaradorligi bevosita suvni tejaydigan texnologiyalarni qo‘llash, suv sarfini kamaytirgan holda ko‘proq va sifatli mahsulot olish chora-tadbirlarini ko‘rish bilan bog‘liq.

Shu sababli Sirdaryo viloyati (0,401) va Qoraqalpog‘iston Respublikasiga (0,191) qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni qo‘llash darajasini yanada oshirish tavsiya etiladi.

Hududlarda aholining suvdan foydalanish madaniyatini yanada oshirish, suvni tejaydigan texnologiyalarni hududlarning xususiyatlaridan kelib chiqqan holda to‘g‘ri qo‘llash zarur.

 

Komiljon Qo'ziyev
PMTI loyiha rahbari

Salimjon Bekmurodov
PMTI katta ilmiy xodimi


[1] https://public.wmo.int/en/our-mandate/water/state-of-global-water-resources
[2] https://public.wmo.int/en/our-mandate/water
[3] World Resources Institute via Economist Intelligence Unit
[4] O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi va Gidrometeorologiya markazi ma’lumotlari